Yangi Oʻzbekiston yoshlari Osiyo oʻyinlarida ikkinchi oʻrinni egallashdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Bahraynda yakuniga yetayotgan III Osiyo yoshlar oʻyinlaridagi ishtirokini tugatdi. Qitʼamizning 45 mamlakatidan 4000 nafardan ortiq yosh sportchisi ishtirok etgan mazkur musobaqada yosh atletlarimiz yuksak mahorat va jasorat koʻrsatib, murosasiz bellashuvlarda 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida Xitoydan keyin faxrli ikkinchi oʻrinni egallashdi.
Ushbu natijaning tarixiyligi shundaki, delegatsiyamiz I Osiyo yoshlar oʻyinlarida 3 ta bronza, II Oʻyinlarda esa 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan boʻlsa, bu gal mazkur raqamlar ancha salmoqli koʻrinish oldi.
Shubhasiz, bunday natija ortida muhtaram Prezidentimiz tomonidan nafaqat professional, balki yoshlar sportiga ham qaratilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlik turibdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi III Osiyo yoshlar oʻyinlarida qayd etilgan ushbu yuksak natija bilan barcha federatsiya va assotsiatsiyalar, sportchi hamda murabbiylar, millionlab yurtdoshlarimizni samimiy tabriklaydi.
