8 Oktyabr 2025 1140

Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi

Bugun Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot saylov-konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Sport vazirligi, MOQ rahbariyati va soha mutasaddilari ishtirok etishdi.

Konferensiya davomida assotsiatsiya rahbariyati qayta shakllantirilib, yaqin davr uchun ustuvor rejalar muhokama qilindi. Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning mamlakat voleybol federatsiyasi rahbari sifatidagi muvaffaqiyatli faoliyati inobatga olinib, uning nomzodi Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi. Nomzodlar ushbu taklifni bir ovozdan maʼqullashdi va Aziz Anvarovich Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi raisi etib saylandi.

Shuningdek, assotsiatsiya raisining oʻrinbosarlari, bosh kotib va ijrochi direktorlari ham saylanib, rahbariyat tarkibi toʻliq shakllantirib olindi.

Tadbirda soʻz olgan rasmiylar assotsiatsiya rahbariyatini masʼuliyatli lavozim bilan qutlab, sharafli vazifalarini amalga oshirishlari yoʻlida omad va muvaffaqiyatlar tilashdi.

Text to speech