Kun dayjesti: Dzyudochilarimizdan muvaffaqiyatli start, ikki hamyurtimiz FIE eʼtirofida, Albaniyada taekvondochilarimizdan yorqin natija
Yosh dzyudochilarimiz jahon chempionatini 2 ta medal bilan boshlashdi
Peru poytaxti Lima shahrida dzyudo boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatining dastlabki kuni ortda qoldi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi 2 ta bronza medaliga sazovor boʻldi. -60 kg vazn toifasidagi yigitlar bahsida Samariddin Qoʻchqorov, qizlar oʻrtasidagi -48 kg vazn toifasida esa Laziza Haydarova shohsupaning uchinchi pogʻonasiga koʻtarilishdi.
Dilorom Turdiqulova va Gulistan Perdibayeva FIE tomonidan eʼtirof etildi
Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) yil yakunlari boʻyicha eng yaxshilarni maʼlum qildi. Quvonarlisi, ular orasida 2 nafar hamyurtimizni uchratish mumkin. Hakamlik borasida ulkan yutuqlarga erishib borayotgan Dilorom Turdiqulova shpaga yoʻnalishida ayni paytdagi eng yaxshi 3 hakamdan biri sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, sablya boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon reytingi peshqadami, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Gulistan Perdibayeva mazkur yoʻnalishda eng yaxshi sportchi sifatida qayd etildi.
Taekvondochilarimiz “Albania Open” turnirida 15 ta medal qoʻlga kiritishdi
Tirana shahrida taekvondo WT boʻyicha “Albania Open” musobaqasi oʻtkazildi. G1 toifasidagi musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 10 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza, jami 15 ta medalga sazovor boʻldi. Shubhasiz, ushbu natija bilan sportchilarimiz umumjamoa hisobida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Mazkur turnirdagi ishtirok orqali jamoamizning jahon chempionati oldidan tayyorgarligi koʻzdan kechirib olindi.
Voleybolchi qizlarimiz xalqaro turnirda kumush medalni qoʻlga kiritishdi
Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida voleybol boʻyicha “CAVA womenʼs volleyball championship 2025” turniri oʻtkazildi. Mintaqadagi eng kuchli ayollar terma jamoalari oʻrtasidagi turnir finalida Oʻzbekiston va Eron jamoalari oltin medallar uchun kurash olib borishdi. Bellashuvda mehmonlarning qoʻli balandi keldi va hamyurtlarimiz kumush medallar bilan taqdirlanishdi.




