Kun dayjesti: Aymuratov Gentda chempion, dzyudochilarimizdan Pragada 4 ta medal, Italiya voleyboli dunyoda tengsiz
Musa Aymuratov Gentdagi turnir chempioniga aylandi
Belgiyaning Gent shahrida qilichbozlik boʻyicha “Flemish Open” musobaqasi yakunlandi. Turnirning ikkinchi kunida erkaklar oʻrtasida kechgan bellashuvlarda hamyurtimiz Musa Aymuratov barcha raqiblarini magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Sablyachimiz musobaqada Ispaniya, Avstriya, Ukraina, Fransiya, Germaniya kabi jamoalarning vakillarini magʻlub etdi.
Dzyudochilarimiz Praga turnirida 4 ta medalga sazovor boʻlishdi
Chexiyaning Praga shahrida dzyudo boʻyicha “Prague European Open” turniri yakunlandi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Musobaqada Zamoxshari Bekmurodov (-73 kg) oltin, Shukurjon Aminova (-57 kg), Irisxon Qurbonboyeva (+78 kg) va Muzaffarbek Toʻraboyev (+100 kg) bronza medallariga ega chiqishdi.
Voleybol boʻyicha Italiya erkaklar terma jamoasi jahon chempionatida gʻalaba qozondi
Filippinda voleybol boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi dunyo birinchiligi boʻlib oʻtdi. Unda chempionlik uchun Italiya va Bolgariya terma jamoalari bahs olib borishdi. Bellashuv 3:1 hisobida italiyalik voleybolchilarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Shu tariqa, bu yil ham ayollar, ham erkaklar oʻrtasida kechgan jahon chempionatlarida apenninlik voleybolchilar bosh sovrinni qoʻlga kiritishdi.
Ozarbayjonda III MDH oʻyinlariga rasman start berildi
Kecha Ganja shahrida Ozarbayjon mezbonlik qilayotgan III MDH oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Eslatib oʻtamiz, 8-oktyabrga qadar davom etadigan musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi 23 sport turida 254 nafar atlet bilan ishtirok etadi.









