25 Sentyabr 2025 1464

Aytjan Xalmaxanov: “Los-Anjelesdan ham oltin medal bilan qaytamiz”

Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi jahon chempionatiga qadar 2001-yil dunyo birinchiligida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Unda Zagrebdagi chempionligi bilan barchaning olqishiga sazovor boʻlgan 19 yoshli hamyurtimiz Aytjan Xalmaxanov hali dunyoga kelmagan edi.

– 24 yil kutilgan chempionlik Sizga nasib qildi. Musobaqadan keyingi hissiyotlar qanday?
– Mana shunday ahamiyatli oltin medalni qoʻlga kiritganimdan juda xursandman. Buni tasvirlash qiyin. Biz bu musobaqaga 1-yil qattiq tayyorlandik. Mehnatimiz samarasini koʻrish nasib qildi. Afsuski, jamoamizdagi qolgan akalarimga ozgina omad yetishmadi. Bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Keyingi safar ular ham chempion boʻlib qaytishlariga ishonaman.

Rustam Assakalov terma jamoada nimalarni oʻzgartirdi? Uning ishlash uslubi qanday?
– Murabbiyimiz mehnatkash, juda ham aqlli inson. Barchamizni oʻz farzandidek koʻradi. Doim qoʻllab-quvvatlab, motivatsiya berib keladi. Rustam aka 2024-yil oktyabr oyida murabbiylikka kelgan boʻlsa, ortda qolgan 1-yil katta natijalar koʻrsata oldik. Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida ikkinchi, jahon chempionatida esa uchinchi boʻldik. Bunday natija hamma murabbiyning ham qoʻlidan kelmasdi.

– Afsuski, siz kurashadigan -63 kg Olimpiya vazn toifasi emas. Los-Anjeles-2028 Olimpiadasiga qaysi vaznda tayyorlanasiz?
– Ha, -63 kg Olimpiya vazni emas. Boʻlajak Olimpiadaga -67 kg vazn toifasida tayyorgarlik koʻraman. Tabiiy vaznim kattaroq boʻlgani uchun -60 kgga vazn qaytara olmayman. Nasib boʻlsa, murabbiylarim bilan Los-Anjelesdan ham oltin medal bilan qaytamiz.

– Baʼzi kurashchilarning omadi kelib, yoshligidagi kumiri bilan musobaqada toʻqnash kelib qoladi. Siz kumiringiz bilan hech toʻqnash kelganmisiz?
– Men havas qiladigan 2 kurashchi Qirgʻizistondan: Joloman Sharshenbekov va Akjol Mahmudov. Asosiy usulimni Sharshenbekovga havas qilib ishlaganman. U bilan tez orada toʻqnash kelib qolsak kerak. Bu kunni sabrsizlik bilan kutyapman. Mahmudovning kurashidan esa motivatsiya olaman. Zagrebda finaldan oldin Akjol chempion boʻlishimga ishonishini aytdi. Bu qoʻllov menga kuch berdi.

Text to speech