Kun dayjesti: “Klassik” kurashchilarimiz jahonda uchinchi, AQSh yengil atletikachilari yana dunyoda tengsiz, Italiya jamoasi Billi Jin King gʻolibi
Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatida uchinchi boʻldi
Xorvatiyaning Zagreb shahrida sport kurashlari boʻyicha jahon chempionati oʻz yakuniga yetdi. Unda yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ochkolar boʻyicha 3-oʻrinni egalladi. Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqada Aytjan Xalmaxanov (-63 kg) 24-yil kutilgan oltin medalni taqdim etgan boʻlsa, Alisher Gʻaniyev (-60 kg) kumush va Abdullo Aliyev (-72 kg) bronza medalini qoʻlga kiritgan edi.
Yaponiyada yengil atletika boʻyicha jahon chempionati oʻtkazildi
13-21-sentyabr kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida yengil atletika boʻyicha dunyo birinchiligi boʻlib oʻtdi. Unda AQSh terma jamoasi 16 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan qatorasiga beshinchi bor umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.
Italiyalik tennischi qizlar Billi Jin King kubogida gʻalaba qozonishdi
Tennis boʻyicha ayollar oʻrtasida oʻtkaziladigan Billi Jin King kubogining bu yilgi final bahslari yakunlandi. Italiya va AQSh terma jamoalari oʻrtasida kechgan qarama-qarshilikda Apennin yarim oroli vakillari 2:0 hisobida gʻalaba qozonib, chempionlikni munosib himoya qilishdi. Bu Italiyaning joriy turnirda umumiy hisobdagi oltinchi chempionligi boʻldi.
Konkur boʻyicha “Uzbekistan global tour” musobaqasining 5-bosqichi yakunlandi
Poytaxtimizda konkur boʻyicha “Uzbekistan global tour” musobaqasining beshinchi bosqichi tashkil etildi. Qiziqarli bellashuvlarda Bekzod Roʻzmuhammedov (135 sm, toʻsiq balandligi), Angelina Postuxova (125 sm), Abdushukur Sobirjonov (110 sm), Lochin Tohirjonov (105 sm) kattalar toifasida turli balandliklarda birinchi oʻrinni egallashdi.



