Navoiyda gimnastika murabbiylari uchun seminar oʻtkazilmoqda
Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida sport gimnastikasi boʻyicha oʻquv seminari boshlandi. Tadbir Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining Olimpiya birdamligi loyihasi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va mamlakat gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
22-sentyabrga qadar davom etadigan seminarda rossiyalik ekspert Mixail Voronin Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 28 nafar murabbiyga oʻz bilimlari bilan oʻrtoqlashadi. Oʻquv darslari amaliy va nazariy tarzda tashkil etilib, unda yoshlarga gimnastikaning dastlabki saboqlarini toʻgʻri berish, sportchi bilan psixologik yoʻnalishda ishlash, musobaqalarga tayyorlashdagi zamonaviy metodika va tendensiyalar kabi mavzular oʻrin olgan.









