Kun dayjesti: “Nasaf” OChL Elitdagi yurishini boshlaydi, eshkak eshuvchilarimizdan 9 ta medal, tennischilarimiz Gonkongga magʻlub boʻlishdi
Yengil atletikachilarimizning jahon chempionatidagi ishtiroki boshlandi
Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Yaponiyada oʻtayotgan jahon chempionatida ishtirokini boshladi. Hamyurtlarimizdan birinchi boʻlib marafonchimiz Shohruh Davlatov startga chiqdi. Yurtdoshimiz masofani 2:18:22 da 37-boʻlib bosib oʻtdi. Kun davomida Anvar Anvarov uzunlikka sakrash boʻyicha saralash bosqichida qatnashadi.
“Nasaf” Elit Osiyo chempionlar ligasida 1-tur oʻyinini oʻtkazadi
Bugun futbol boʻyicha Osiyo chempionlar ligasi Elit bosqichining yangi mavsumiga start beriladi. Unda amaldagi Oʻzbekiston chempioni “Nasaf” yurtimiz sharafini himoya qiladi. Bugun oʻtkaziladigan birinchi turda qarshiliklar safarda Saudiya Arabistonining “Al Ahli” klubi bilan bahs olib borishadi.
Eshkak eshuvchilarimiz Moskvadagi turnirda 9 ta medal jamgʻarishdi
10-14-sentyabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha "AAA Cup 2025" xalqaro musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 6 ta oltin va 3 ta kumush medallariga sazovor boʻlishdi.
Tennischilarimiz “Devis kubogi”da Gonkong bilan bahs olib borishdi
Tennis boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi “Devis kubogi” doirasida II jahon guruhidagi oʻyinini oʻtkazdi. Safarda Gonkongga qarshi kechgan bahslarda hamyurtlarimiz 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Endi tennischilarimiz kelgusi bellashuvlarni 2026-yilning fevral oyida oʻtkazishadi.




