FIFA Prezidenti Milliy futbol markazining imkoniyatlarini yuqori baholadi
FIFA Prezidenti Janni Infantino bugun Yuqori Chirchiq tumanidagi Milliy futbol markazida ham boʻldi. Rasmiylar tashrif davomida FIFA Prezidentiga majmuaning imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Zamonaviy markaz bir vaqtning oʻzida 6 ta terma jamoaning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish imkoniyatini beradi. Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun toʻrtta tuzilma tashkil etildi. Bular - Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.
Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi boʻlimiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilgʻor uslublar oʻzlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.
Janob Infantino kompleks haqida iliq fikr bildirib, bu orqali oʻzbek futbol kelgusida yangi marralarni zabt etishiga ishonch bildirdi.









