Rasmiylar AQSh Prezidentining maxsus vakilini Olimpiya shaharchasi bilan tanishtirishdi
Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollini Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi rahbariyati ishtirokida Olimpiya shaharchasi hamda Milliy futbol markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida bunyod etilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurgan Paolo Zampollini shaharcha hududidagi muhtasham sport inshootlari bilan yaqindan tanishdi.
Xalqaro standartlarga to‘liq javob beruvchi Olimpiya shaharchasida kelgusida nufuzli sport musobaqalarini o‘tkazish imkoniyati hamda O‘zbekistonning sport mamlakati sifatida dunyoga tanilishidagi ahamiyatini yuksak e’tirof etdi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida
Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Milliy futbol markazida bunyod etilgan stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari bilan tanishdi.
Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun tashkil etilgan Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazlari faoliyatini yuqori baholadi.









