Toshkentda qilichbozlik boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda
Bugun Toshkentda “Dunyoda qilichbozlikning global rivojlanishi: Muammo, yechim va innovatsiyalar” mavzusidagi V xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi. Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ham qatnashdi.
Xalqaro qilichbozlik akademiyasi, Osiyo, Pan Amerika va Afrika qilichbozlik Konfederatsiyalari hamkorligida tashkil etilayotgan konferensiya ushbu sport turining mintaqalardagi rivojini oshirish yuzasidan ahamiyatli hisoblanadi. Soʻz olgan rasmiylar mamlakatimizda qilichbozlik rivoji yangi bosqichga koʻtarilayotgani, kelasi yil Toshkent mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga katta tayyorgarlik olib borilayotgani xususida toʻxtalishdi.
Konferensiya ikki kun davom etadi. Unda koʻplab mutaxassislar butun dunyoda qilichbozlik ommaviyligini oshirish yuzasidan turli mavzularda ma’ruza qilishadi.














