Olimpiya shaharchasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda amalga oshirilayotgan yirik bunyodkorlik loyihalaridan biri – Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, u yerda barpo etilgan zamonaviy sport inshootlari bilan tanishdi.
Bugun esa davlat rahbari tomonidan mazkur tashrif doirasida berilgan topshiriqlar ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov rahbarligida oʻtkazilib, unda Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, sport federatsiyalari mutasaddilari, majmua qurilishiga masʼul Xitoyning “САМСЕ” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Suhbatda oʻzbek sportini yangi bosqichga olib chiqishda Olimpiya shaharchasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish, nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil etish, shuningdek, Aichi–Nagoya–2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles–2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish doirasida terma jamoalarimiz uchun yetakchi davlatlar ishtirokida xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, shaharchaga koʻchiriladigan tashkilotlarning joylashuvi kabi masalalar muhokama qilindi.
Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, sport infratuzilmasini toʻliq ishga solish va terma jamoalar tayyorgarligini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.









