18 Avgust 2025 501

Kun dayjesti:

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun yangi sport obyektlariga tashrif buyuradi
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida qurib bitkazilgan yirik sport majmualari, Yuqori Chirchiq tumanidagi Milliy futbol markazi faoliyati bilan tanishadi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Butunjahon sport oʻyinlarida 11 ta medal qoʻlga kiritdi
7-17-avgust kunlari Xitoyning Chengdu shahrida Butunjahon sport oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza, jami 11 ta medal jamgʻarib, 118 mamlakat orasida 26-natijani qayd etdi. Asosan noolimpiya sport turlari boʻyicha tashkil etgan mazkur musobaqada yurtdoshlarimiz sambo, ushu va kikboksing sport turlarida shohsupaga koʻtarildilar.

Razambek Jamalov UFC 319 turnirida
Erkin kurash boʻyicha Olimpiada chempioni Razambek Jamalov AQShning Chikago shahrida tashkil etilgan UFC 319 turnirida mehmon boʻldi. Maʼlumot uchun, ushbu turnirning markaziy jangida BAA vakili Xamzat Chimayev JAR sportchisi Drikyus Dyu Plessini magʻlub etib, UFC chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi.

Slalomchilarimiz Osiyo chempionatida 4 ta medal jamgʻarishdi
14-17-avgust kunlari Xitoyning Guychjou provinsiyasida slalomda eshkak eshish boʻyicha Osiyo chempionati tashkil etildi. Shiddatli bellashuvlar yakunida Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta kumush (K1) va 3 ta bronza (K1 jamoaviy, C1 jamoaviy va ekstrim slalom) medallariga ega chiqdi.

Toshkentda yengil atletika boʻyicha xalqaro turnir yakunlandi
Poytaxtimizda yengil atletika boʻyicha “Silk Road to Tokyo” musobaqasi oʻtkazildi. Unda 15 mamlakatdan tashrif buyurgan 250 nafarga yaqin sportchi bahs olib bordi. Bellashuvlar yakunida Sharifa Davronova, Barnoxon Sayfullayeva, Nodir Norboyev kabi terma jamoamiz yetakchilari oʻz yoʻnalishlarida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Text to speech