12 Avgust 2025 507

Germaniyalik shifokor yurtimizdagi sport tibbiyotining rivoji bilan tanishdi

Shu kunlarda sport tibbiyoti sohasida katta tajribaga ega boʻlgan germaniyalik mutaxassis Simon Brosseder Toshkentda mehmon boʻlib turibdi. Shifokor tashrifi davomida yurtimizda sport tibbiyotining rivoji, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) faoliyati bilan tanishib chiqdi.

Germaniyalik mutaxassis tashrifi davomida Sport vaziri Adham Ikramov bilan uchrashdi. Tomonlar suhbat davomida Oʻzbekiston va Germaniya sport tibbiyotidagi oʻziga xosliklar xususida fikr almashishdi. Qayd etish joiz, janob Brosseder poytaxtimizda qurilayotgan Olimpiya shaharchasida ham boʻlib, u yerdagi Davlat sport tibbiyoti va ilmiy-amaliy markazi haqidagi rejalar bilan tanishdi.

RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov yevropalik mehmonga tashkilotning asosiy yoʻnalishlari, sportchilar sogʻligʻini mustahkamlash va tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, MOQ va RSTIAM xodimlari bilan uchrashuvda sport tibbiyotidagi ilgʻor tajribalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari muhokama qilindi.

Shuningdek, germaniyalik mutaxassis Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida boʻldi. Uchrashuvda terma jamoa tibbiyot shtabi vakillari ham qatnashib, futbolchilarning tiklanishi, ularning salomatligini nazorat qilish borasida fikr almashildi.

Text to speech