“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalarining ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik yuzasidan videoselektor oʻtkazildi
Oʻzbek sportida yosh iqtidorlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqasining ikkinchi bosqichi boshlanish arafasida. Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov raisligida mazkur bosqichni joylarda yuqori saviyada oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Onlayn yigʻilishda Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, federatsiyalar vakillari ham ishtirok etdi. Kun tartibiga muvofiq, masʼullar birinchi bosqich natijalari, ikkinchi bosqich bellashuvlarini oʻtkazish uchun sport inshootlarining tayyorgarligi hamda musobaqalarga puxta hozirlik koʻrish yuzasidan hisobot taqdim etdilar.
Yigʻilish davomida rasmiylar hududiy bosqich bahslarini yuqori darajada tashkil etish, musobaqalarda shaffoflik va adolatli hakamlikni taʼminlash, avval yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, ishtirokchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdilar.









