Kun dayjesti
Gretsiyada sport kurashlari boʻyicha jahon chempionati yakunlandi
Gretsiyaning Afina shahrida sport kurashlari boʻyicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionati nihoyasiga yetdi. Musobaqaning soʻnggi kunida erkin kurashchilarimiz Ulugʻbek Rashidov (-51 kg) kumush, Mirjalol Mukammilov (-45 kg) esa bronza medalini qoʻlga kiritishdi. Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi uch yoʻnalishda jami 5 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamgʻardi.
Yengil atletikachilarimiz Qozogʻistondagi musobaqada muvaffaqiyatli qatnashishdi
Qozogʻistonning Olma-ota shahrida yengil atletika boʻyicha xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Butunjahon yengil atletika federatsiyasining (World athletics) taqvimidan oʻrin olgan bronza darajadagi musobaqada 14 mamlakatdan tashrif buyurgan sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib borishdi. Xususan, Oʻzbekiston terma jamoasi asosiy tarkib bilan ishtirok etib, 7 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi.
Singapurda suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati nihoyasiga yetdi
Singapur mezbonlik qilgan suv sporti turlari boʻyicha dunyo birinchiligi yakunlandi. 200 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etgan musobaqada Xitoy 15 ta oltin, 12 ta kumush va 10 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, kuchli uchlikdan Avstraliya (13-7-8) va AQSh (10-11-11) jamoalari oʻrin egallagan.
Osiyo Olimpiya kengashi Prezidentligiga nomzod maʼlum
Xabar berganimizdek, kelasi yilning 26-yanvar kuni Toshkent Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) Bosh Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Uning kun tartibidagi asosiy masalalardan biri tashkilotga yangi rahbar saylash hisoblanadi. “Insidethegames” nashrining maʼlum qilishicha, Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, Qatar Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy ushbu saylovda yagona nomzod sifatida eʼtirof etilgan.



