XOQ Prezidenti Kirsti Koventri bilan uchrashuv o‘tkazildi
Singapurda oʻtayotgan suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati doirasida O‘zbekiston sporti rasmiylari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Kirsti Koventri hamda Olimpiya birdamligi dasturi direktori, XOQning Milliy Olimpiya qoʻmitalari bilan ishlash departamenti rahbari Jeyms Makleod bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuvda Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov hamda Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov XOQ rahbari bilan suhbatlashishdi.
Dastavval Koventri xonimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisi Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va tabriklari yetkazildi. Shuningdek, rasmiylar unga mas’uliyatli faoliyatida kuch-g‘ayrat va omad tilashdi.
Shuningdek, Koventri xonim Shahnoza Mirziyoyevani Butunjahon suzish federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi byurosining tarkibiga kirgani bilan qutladi. Sobiq suzuvchi sifatida ushbu mas’uliyatli lavozimning ahamiyati haqida gapirib, oʻzining qimmatli maslahatlarini berdi.
Mamlakatimizda Olimpiya harakatini rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar va hozirgi holat bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida, Koventri xonim o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etildi.




