29 Iyul 2025 965

World Aquatics bilan hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) Prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori Husayn Al Musallam bilan uchrashishdi.

World Aquatics rahbari Shahnoza Mirziyoyevani tashkilot Ijroiya qoʻmita byurosining tarkibiga saylangani bilan qutladi. Suhbat davomida mamlakatimizda suv sporti turlarining rivojini yanada oshirish boʻyicha birgalikda “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish borasida fikr almashishdi.

Tomonlar uchrashuvda jadal sur’atda rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shuningdek, janob Musallam oʻzbekistonlik suzuvchilarning katta potensialga ega ekanini ta’kidladi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida istiqbolli hamkorlikning yangi qirralari, xususan, yurtimizda suv sporti turlari bo‘yicha malakali kadrlarni yanada ko‘paytirish borasidagi rejalar muhokama qilindi.

Text to speech