28 Iyul 2025 620

Kun dayjesti:

Talaba sportchilarimiz Universiada oʻyinlarida 13-oʻrinni egallashdi
Germaniya boʻylab oʻtkazilgan Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. Maʼlum qilganimizdek, unda ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza medallarini jamgʻardi. Ushbu natija bilan delegatsiyamiz umumjamoa hisobida oʻn uchinchi, Osiyo mamlakatlari orasida beshinchi, Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi oʻrinni egalladi.

Yosh baydarka va kanoechilarimiz jahon chempionatini 3 ta medal bilan tugatishdi
Portugaliyada baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha U18 va U23 yosh toifalaridagi jahon chempionati yakunlandi. Kecha kanoechilarimiz M.Komilov hamda Sh.Sherzodova (U23) 5000 metrga kechgan mikst dasturida kumush, D.Rafikova, Z.Kazakova, Sh.Sherzodova hamda X.Erkinova (U23) 500 metr masofaga kechgan kvartet bahslarida bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Shu tariqa, Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur musobaqani 2 ta kumush va 1 ta bronza medallari bilan yakunladi.

Oʻsmir taekvondochilarimiz Osiyo chempionatini 4 ta medal bilan boshlashdi
Malayziyaning Kuching shahrida oʻtayotgan taekvondo WT boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining ilk kuni Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli oʻtdi. Unda hamyurtlarimiz 2 tadan oltin va bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Oltin medallarga Nikita Bibikov (-65 kg) va Rayxona Asanboyeva (-41 kg) ega chiqqan boʻlsa, Amir Saliyev (-41 kg) hamda Shahzoda Kamolova (+59 kg) bronza medali bilan taqdirlanishdi.

Text to speech