LA-2028: Tashkiliy qoʻmita musobaqalar jadvali va arenalar nomini eʼlon qildi
Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasi boʻlajak bellashuvlarning sanalari va sport turlariga biriktirilgan arenalar nomini eʼlon qildi.
Oʻyinlarning rasmiy ochilish marosimi 14-iyul sanasiga toʻgʻri kelsada, baʼzi sport turidagi saralash bellashuvlari 12-iyul kunidan boshlanadi. Ochilish marosimi musobaqa uchun maxsus qurilgan “2028 stadioni”da oʻtkaziladi. Marosimdan keyin ushbu arena 1 hafta mobaynida suzish bahslariga moslashtiriladi.
Dastlabki medallar jamlanmasi 15-iyul kuni oʻynaladi. Unda triatlon, yengil atletika, slalomda eshkak eshish, qilichbozlik, dzyudo, regbi-7, oʻq otish turlarida gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi. Musobaqaning tantanali yopilish marosimi esa 30-iyul kuniga belgilangan. Ushbu sanada kunning birinchi yarmida marafon, basketbol, boks, velotrek, suzish, voleybol va sport kurashlari boʻyicha final bahslari tashkil etiladi.
Oʻyinlarning yopilish marosimi “LA Memorial kolizeyi”da boʻlib oʻtadi. Toʻliq taqvim bilan quyidagi havola orqali batafsil tanishib olishingiz mumkin.
