Toshkent mezbonlik qiladigan voleybol boʻyicha jahon chempionati yaqinlashib kelmoqda
Mamlakatimiz yana bir bor dunyo sporti jamoatchiligining eʼtiborini oʻziga qaratmoqda. 24-iyul – 3-avgust kunlari poytaxtimiz voleybol boʻyicha yigitlar oʻrtasida U19 yosh toifasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Mamlakatimizda ushbu sport turida ilk bor tashkil etiladigan mazkur musobaqada dunyoning eng kuchli 24 jamoasi gʻoliblik uchun bellashadi.
Bellashuvlar “Yunusobod” sport majmuasi hamda Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining zallarida tashkil etiladi. “A” guruhidan oʻrin olgan Oʻzbekiston terma jamoasi pley-off bosqichi yoʻllanmasi uchun Belgiya, Argentina, Puerto-Riko, Turkiya va Pokiston jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Jamoamizning guruh bosqichidagi taqvimi quyidagicha:
1-tur: Oʻzbekiston – Turkiya (24-iyul)
2-tur: Oʻzbekiston – Pokiston (25-iyul)
3-tur: Oʻzbekiston – Puerto-Riko (26-iyul)
4-tur: Oʻzbekiston – Argentina (28-iyul)
5-tur: Oʻzbekiston – Belgiya (29-iyul)
Izoh: Terma jamoamizning guruh bosqichidagi barcha oʻyini “Yunusobod” sport majmuasida soat 17:00 boshlanadi.
