14 Iyul 2025 935

Kun dayjesti

Oʻzbekiston delegatsiyasi Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlariga yoʻl oldi
16-27-iyul kunlari Germaniyaning Reyn-Rur regionida Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Tunda musobaqada qatnashadigan Oʻzbekiston delegatsiyasining asosiy qismi Germaniyaga joʻnab ketdi. Hamyurtlarimiz bu galgi Universiadada 11 ta sport turida ishtirok etishadi.

Chelsi – klublar oʻrtasidagi jahon chempioni!
AQShda futbol boʻyicha klublar oʻrtasidagi jahon chempionati yakunlandi. Angliyaning “Chelsi” va Fransiyaning PSJ klublari oʻrtasidagi kechgan final oʻyinida inglizlar 3:0 hisobida gʻalaba qozonishdi.

Uimbldon turniri gʻoliblari aniqlandi
Angliyada tennis boʻyicha “Katta dubulgʻa” tasnifiga kiruvchi Uimbldon turniri yakuniga yetdi. Musobaqaning yakkalik bellashuvlarida italiyalik Yannik Sinner hamda polshalik Iga Svyontek gʻalaba qozonishdi.

Yosh erkin kurashchilarimiz Osiyo chempionatida 3 ta medal qoʻlga kiritishdi
Qirgʻiz Respublikasida sport kurashlari boʻyicha U20 yosh toifasidagi Osiyo chempionati yakuniga yetdi. Erkin kurash boʻyicha kechgan soʻnggi kun bellashuvlarida Oʻzbekiston terma jamoasi 1 tadan oltin, kumush va bronza medallariga sazovor boʻldi.

Oltin medal:
-92 kg: Sherzod Poyonov

Kumush medal:
-74 kg: Umarxon Moʻydinov

Bronza medal:
-61 kg: Abdulloh Habibullayev

Dzyudochilarimiz Vengriyada 9 ta medalga sazovor boʻlishdi
Vengriyaning Paksh shahrida dzyudo boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Yevropa ochiq kubogi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medallariga ega chiqdi.

Gandbolchi qizlarimiz Paris World Games musobaqasida gʻalaba qozonishdi
Fransiyaning Parij shahrida gandbol boʻyicha Paris World Games musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda qatnashgan Oʻzbekiston U18 qizlar terma jamoasi barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor boʻldi.

Text to speech