Kamondan otish boʻyicha xalqaro seminar nihoyasiga yetdi
Toshkentdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida oʻtkazilgan kamondan otish boʻyicha xalqaro seminar oʻz yakuniga yetdi. Seminar davomida Butunjahon kamondan otish federatsiyasi (World Archery) tomonidan tavsiya etilgan tajribali mutaxassis, ukrainalik ekspert Viktoriya Koval Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 27 nafar mahalliy murabbiyga oʻz bilim va tajribasini ulashdi.
Bir necha kun davom etgan mashgʻulotlarda Koval sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashning ilgʻor yondashuvlari, zamonaviy metodikasi hamda texnik-taktik jihatlari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Mashgʻulotlarda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan murabbiylar ishtirok etdi.
Seminar soʻngida barcha ishtirokchilarga “Olimpiya birdamligi” dasturi va World Archery tomonidan yuborilgan sertifikatlar topshirildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boshqarma boshligʻi, mamlakat kamondan otish federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Mamirjon Ganiyev, Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, MOQ mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbir davomida M.Ganiyev ukrainalik ekspertga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining “Xalqaro hamkorligi uchun” koʻkrak nishonini taqdim qildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur seminar Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasining “Olimpiya birdamligi”, World Archery, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakat kamondan otish federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.









