22 Iyun 2025 802

Kamondan otish boʻyicha murabbiylar uchun seminar oʻtkazilmoqda

Bugun Toshkentda kamondan otish boʻyicha mahalliy murabbiylar uchun seminar boshlandi. XOQning Olimpiya birdamligi loyihasi asosida Butunjahon kamondan otish federatsiyasi (World archery), Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va mamlakat kamondan otish federatsiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu seminarda Respublikamizning 12 viloyati va Toshkent shahridan jam boʻlgan 27 nafar murabbiy qatnashmoqda.

Oʻquv jarayoni tajribali ekspert, World archery sport komissiyasi rahbari ukrainalik Viktoriya Koval tomonidan olib borilmoqda. Mazkur tadbirda murabbiylar sportchilarni yirik musobaqalarga tayyorlashning zamonaviy metodikalari, xalqaro federatsiya tomonidan qabul qilingan soʻnggi qaror va qoidalardagi oʻzgarishlar borasida oʻz bilimlarini boyitishadi.

Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilayotgan seminar 30-iyunga qadar davom etadi.

Text to speech