ADAMS tizimi bilan ishlashdagi kamchiliklar muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan ADAMS (Antidoping ma’lumotlarini boshqarish tizimi) platformasida ma’lumotlar taqdim etishdagi kamchiliklar va ularning oqibatlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Milliy antidoping agentligi rahbariyati hamda sport federatsiyalarining mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ADAMS tizimidan noto‘g‘ri yoki kechikkan holda foydalanish holatlari, ayniqsa, manzilni kiritishdagi xatolar, sportchilarning musobaqa va musobaqadan tashqari davrlarda doping nazoratidan o‘tish jarayoniga qanday salbiy ta’sir qilishi keng muhokama qilindi.
Mutasaddilar sportchilar va ularning murabbiylari tomonidan tizimdan foydalanish bo‘yicha yetarli bilim va amaliy ko‘nikmalar mavjud emasligi, bu esa xalqaro darajadagi musobaqalarda ishtirok etish huquqiga xavf solayotganini alohida ta’kidlashdi.









