Aichi-Nagoya-2026 sari qadam: Toshkentda “FunRun” musobaqasi oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
Yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan anʼanaga aylangan “FunRun” yugurish musobaqalari bu yil ham qit’a bo‘ylab sport va Olimpiya harakatini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Ayni shu maqsadda bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlab oʻtkaziladigan FunRun musobaqasi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo Olimpiya Kengashi hamda Aichi-Nagoya-2026 tashkiliy qo‘mitasi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida FunRun doirasida nafaqat yugurish bahslari, balki Olimpiya harakatini targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi rasm chizish tanlovi ham tashkil etilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasining XX yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.









