Kun dayjesti:
Toshkentda xalqaro seminar oʻtkaziladi
3-4-iyun kunlari Toshkentda “Raqamli kommunikatsiyalar hamda ijtimoiy tarmoqlar V mintaqaviy seminari” boʻlib oʻtadi. Mazkur seminarda
– 15 ta Milliy Olimpiya qoʻmitalari
– Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlarining media boʻlimi
– Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi
– Osiyo Olimpiya kengashining media sohasi vakillari
– Sun'iy intellekt sohasi boʻyicha ekspertlar qatnashadi.
Ishtirokchilarga xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashda sunʼiy intellektning imkoniyatlaridan foydalanish mavzusida maʼruza qilishadi. Shuningdek, seminar doirasida Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlariga bagʻishlangan FunRun yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi.
Abbosbek Fayzullayev – Rossiya kubogi sohibi
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va SSKA klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev oʻz jamoasi bilan Rossiya kubogini qoʻlga kiritdi. “Rostov”ga qarshi kechgan oʻyin 0:0 hisobi bilan yakunlangach penaltilar seriyasida “armiyachilar” 4:3 hisobida ustun kelishdi.
Bishkekda RADOCA seminari oʻtkazildi
Qirgʻiz Respublikasida Mintaqaviy antidoping agentligiga (RADOCA) aʼzo mamlakatlarning seminari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov ham ishtirok etdi. Seminar davomida antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, soʻnggi yangiliklar va kelgusi rejalar xususida fikr almashildi.
Chavandozlarimiz Ostonadagi turnirda 13 ta medal qoʻlga kiritishdi
Qozogʻistonda ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi saralash bahslari doirasida Yevrosiyo mintaqasi bahslari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 4 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medallarini jamgʻarishdi.



