Parij-2024 litsenziatlari: Osiyo oʻyinlarining ikki karra sovrindori Irisxon Qurbonboyeva
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi tarkibida Irisxon Qurbonboyevaning alohida oʻrni bor. Boisi, aralash jamoaviy dasturda kechadigan bahslarda Irisxonning ham ishtirokiga koʻp narsa bogʻliq boʻladi. Zero, u mazkur dasturda oʻz vazn toifasida tatamiga chiqadigan yagona nomzod dzyudochimiz hisoblanadi. Bugun xorazmlik ushbu sportchimiz haqida yaqindan bilib olamiz.
Qurbonboyeva Irisxon Quvondiq qizi 2002-yil 18-mart kuni Xorazm viloyati Urganch tumanida dunyoga kelgan. 2017-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi safida xalqaro turnirlarda ishtirok etib kelmoqda. Murabbiyi Alfiya Ibragimova. Ogʻir vazn toifasidagi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan Qurbonboyeva shu paytgacha turli yosh toifasidagi qitʼa chempionatlarida 1 ta oltin va 2 ta bronza, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida 1 ta kumush va 1 ta bronza medallari bilan taqdirlangan. 2021-yilgi jahon chempionatida aralash jamoaviy dasturda bronza medalini qoʻlga kiritgan.
Qurbonboyeva Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra -78 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.
